Телефонлар:
(0372) 353-10-57
(0372) 353-10-27
» » Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olish uchun arizalarni ko‘rib chiqish tartibi

Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olish uchun arizalarni ko‘rib chiqish tartibi

24 ноябрь 2022 йил
304
0

 Oila a’zolarining barcha rasmiy daromadlari, shuningdek, oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadning hisob-kitobi, oila a’zosi nomida mavjud bo‘lgan ko‘chmas mol-mulki va avtotransport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlari ariza berilgan oydan keyingi oyning 1-sanasiga qadar “Yagona reyestr” AT tomonidan avtomatlashtirilgan tarzda idoralararo elektron o‘zaro hamkorlikni qo‘llagan holda jamlanadi va hisob-kitob qilinadi.

Oilani kam ta’minlangan oila deb e’tirof etish va unga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash yoxud tayinlashni rad etish “Yagona reyestr” AT orqali avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.

Quyidagi holatlar mavjud bo‘lganda, oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish va unga tegishli ravishda bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash rad etiladi:

  1. a) ariza beruvchi oilasining har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromad ushbu Nizomning 7-bandida belgilangan mezondan oshganda;
  2. b) idoralararo elektron axborot tizimi orqali olingan ma’lumotlar bo‘yicha Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestrida ariza beruvchi va uning oila a’zolari egaligida jami bittadan ortiq ko‘chmas mulki yoki bir va undan ortiq noturar joy binolari mavjud bo‘lganda;
  3. v) ariza beruvchi yoki uning oila a’zolarida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z nomiga rasmiylashtirilgan yoki bosh ishonchnomaga asosan quyidagilar mavjud bo‘lganda:

ishlab chiqarilgan muddati 7 yildan oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan yengil avtotransport vositasi;

ishlab chiqarilgan muddati 15 yildan oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan yuk tashuvchi avtotransport vositasi, avtobus, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, yuk tashuvchi avtotransport vositalarining tirkamalari va yarim tirkamalari, avtokran va boshqa qurilish texnikasi;

jami ikki va undan ortiq, texnik holati soz bo‘lgan yengil va yuk tashuvchi avtotransport vositalari, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, yuk tashuvchi avtotransport vositalarining tirkamalari va yarim tirkamalari, avtokran va boshqa qurilish texnikasi;

  1. g) ariza beruvchi va uning oila a’zolarining tijorat banklaridagi depozit hisobvaraqlarida ariza berilgan oyda amalda bo‘lgan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining besh baravari va undan ortiq miqdorda mablag‘lari mavjud bo‘lganda;
  2. d) ariza beruvchi va uning oila a’zolarida ariza berilgan oyda bozor qiymati mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining besh baravari va undan ortiq summani tashkil etuvchi qimmatli qog‘ozlar mavjud bo‘lganda;
  3. e) O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi, Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi hamda ularning tizimidagi tashkilotlarning xizmatchilari va xodimlari yoki ularning oila a’zolari (turmush o‘rtog‘i va bolalari), shuningdek, pensionerlari tomonidan arizalar taqdim etilganda;
  4. yo) Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-yanvardagi 11-son qarori bilan tasdiqlangan Sudyalar va ularning oila a’zolari pensiya ta’minoti shartlari, me’yorlari hamda tartibi to‘g‘risidagi Nizomga asosan pensiyalar bilan ta’minlanganda;
  5. j) bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam oluvchi va uning oila a’zosi tomonidan takroriy ariza ushbu Nizomning 12-bandida belgilangan tartibga rioya etilmagan holda taqdim etilganda. Bunda takroran taqdim etilgan ariza “Yagona reyestr” ATga kiritilgandan so‘ng ariza ko‘rib chiqilmasdan, arizachiga rad javobi arizada ko‘rsatilgan elektron manzilga yoki SMS-xabar orqali mobil telefon raqamiga jo‘natiladi;
  6. z) oilada mehnat organlari tomonidan tayinlangan ishsizlik nafaqasini olayotgan a’zolari mavjud bo‘lganda;
  7. i) oilaning oxirgi 12 oy davomida ish qidirayotgan a’zosi tomonidan mehnat organlarining maqbul keladigan ishga doir takliflarini muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) rad etilgan hollarda;
  8. k) rasmiy daromad manbalariga ega bo‘lmagan va oxirgi olti oy mobaynida ish izlab mehnat organlariga murojaat qilmagan hamda mehnat organlarida hisobda turmagan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilmagan yoki haq to‘lanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan mehnatga layoqatli oila a’zosi mavjud bo‘lganda.

Ushbu qoida quyidagilarga nisbatan qo‘llanilmaydi:

“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida hisobda turgan shaxslarga;

bola uch yoshga to‘lguniga qadar parvarish qilayotgan onalarga (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga);

ta’lim muassasalarida o‘qiyotganlarga (ta’limning kechki va sirtqi shakllari bundan mustasno);

ishlamaydigan pensionerlarga, davlat pensiyasi tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga va mehnatga layoqatsizlik yuzasidan nafaqa oluvchi fuqarolarga, OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga, I yoki II guruh va bolalikdan nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha shaxslarga;

amalda tomorqa yer va/yoki dehqon xo‘jaligini yuritish bilan band bo‘lgan oila a’zolariga;

18 yoshgacha bolalikdan nogironligi bo‘lgan, shu jumladan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarning onalariga (onasi bo‘lmagan holda otasiga), oila a’zosi hisoblangan I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsni yoki o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan keksalarni parvarish qilayotganlarga;

chet elda ishlaydigan yoki chet elda tadbirkorlik va boshqa faoliyatni amalga oshiruvchi oila a’zolariga;

oilaning “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida oilaviy tadbirkorlikda band bo‘lgan, biroq ushbu dastur bo‘yicha mikrokredit olingan sanadan boshlab ko‘pi bilan 12 oy band bo‘lgan a’zolariga;

sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bo‘yicha jazoni ijro etish muassasalarida bo‘lganligi munosabati bilan oilada bo‘lmagan a’zolariga;

oilaning chaqiriq bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan a’zolariga;

bolasini yolg‘iz tarbiyalayotgan yolg‘iz onalar (otalar)ga hamda nikohi bekor qilingan ayollarga;

rasmiy daromad manbalariga ega bo‘lmagan va oxirgi bir yil mobaynida “Temir daftar” ro‘yxatida bo‘lgan oilalarga;

tuman (shahar) aholi bandlikka ko‘maklashish markaziga ish qidiruvchi sifatida rasmiy murojaat qilgan yoki ishsiz sifatida ro‘yxatga olingan, ushbu markaz tomonidan kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga yoki malaka oshirishga yuborilgan, shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar ro‘yxatiga kiritilgan shaxslarga;

to‘rt va undan ortiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan farzandi mavjud bo‘lgan oilaning mehnatga layoqatli har bir a’zosiga nisbatan.

Mazkur bandda ko‘rsatilgan mezonlar asosida bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash rad etilganda, ariza beruvchiga xabar “Yagona reyestr” AT orqali rad etish sabablari ko‘rsatilgan holda elektron shaklda (arizada ko‘rsatilgan elektron manziliga yoki SMS-xabarlar orqali mobil telefon raqamiga) yuboriladi.

O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining “Yagona reyestr” AT tomonidan elektron so‘rov yuborilgan kunda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan mehnat staji hisoblanishi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan (to‘liq) miqdorda ijtimoiy soliq to‘langanda hisobga olinadi.

Mazkur bandning faqat “k” kichik bandi asosida bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash rad etilgan oilalar “Yagona reyestr” AT orqali belgilangan tartibda kam ta’minlangan deb e’tirof etiladi. Bunda oilaga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlanmaydi, lekin mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha ma’lumotnoma taqdim etiladi.

Bolasini yolg‘iz tarbiyalayotgan yolg‘iz onalar (otalar) hamda nikohi bekor qilingan ayollar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimidan olingan elektron ma’lumotlarga asosan aniqlashtiriladi.

Ariza beruvchining ushbu Nizomning 7 va 20-bandlariga muvofiq bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni olish huquqiga ega yoki ega emasligi “Yagona reyestr” AT tomonidan avtomatlashtirilgan tarzda manfaatdor vazirliklar va idoralarning axborot tizimlaridan elektron shaklda olingan ma’lumotlar hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan oilaning tarkibi bo‘yicha taqdim etilgan ma’lumotlarga asosan aniqlanadi.

Manfaatdor vazirliklar va idoralarning axborot tizimlaridan ariza beruvchi to‘g‘risida elektron shaklda avtomatlashtirilgan tarzda olingan ma’lumotlar “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq himoyalanadi. Ushbu ma’lumotlardan foydalanish vakolati Pensiya jamg‘armasi hududiy boshqarmasining buyrug‘i bilan rasmiylashtirilgan mas’ul xodimga beriladi.

 

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар