Телефонлар:
(0372) 353-10-57
(0372) 353-10-27
» » Xitoy va O‘zbekiston buyuk tamaddunga ega qadimiy davlatlar

Xitoy va O‘zbekiston buyuk tamaddunga ega qadimiy davlatlar

23 январь 2024 йил
81
0
O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik xususida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori Sayfiddin Jo‘rayev o‘z tahliliy qarashlari bilan o‘rtoqlashdi. Ekspert siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro manfaatli aloqalarning rivojlanish omillari va istiqboli yuzasidan ham fikr yuritdi.

Sayfiddin aka, suhbatimizni O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari tarixidan boshlasak...

E’tirof etish kerak, keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tarixida янги sahifa ochildi. Binobarin, XXI asrning qudratli davlatlaridan biri sanalgan Xitoy bilan siyosiy, iqtisodiy, savdo, ilm-fan va madaniy sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish mamlakatimiz uchun juda muhim.

Tarixga nazar solsak, Istiqlolimizning ilk kunlarida, ya’ni 1991 yil 27 dekabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini tan olgani, 1992 yil 2 yanvarda ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga guvoh bo‘lamiz. 1992 yil oktyabrda Toshkentda XXR elchixonasi, 1995 yil may oyida Pekinda O‘zbekiston elchixonasi faoliyat ko‘rsata boshlagan. So‘nggi yillarda bu hamkorlik sifat jihatidan yangi darajaga chiqdi.

Xitoy O‘zbekistonga nisbatan tashqi siyosatda o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali munosabatni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Sheriklik yanada mustahkamlanishi O‘zbekistonning Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari bilan munosabati rivojida alohida ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari jadal sur’atda rivojlanish, mustahkam huquqiy asos, keng tashkiliy tuzilma va barcha darajadagi faol aloqalar bilan ajralib turadi. Ayniqsa, 2017 yildan boshlab o‘zaro aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Shu davr ichida ikki davlat rahbarlari 21 marta, faqat o‘tgan yilning o‘zida 3 marta uchrashdi. Bu mavjud rishtalar yanada mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.

Xitoy jahon iqtisodiyoti mayog‘i sanaladi. O‘n yillik tajribaga ega “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi tarixan qisqa davr ichida umumiy taraqqiyot va ravnaqqa erishish yo‘lidagi hamkorlik uchun muhim, inklyuziv va ochiq platformaga aylandi. Bu jarayon O‘zbekistonda qay darajada sezildi?

Zamonaviy dunyo taraqqiyotida Xitoyning ulushi, salmog‘i ortib boryapti. Bugungi kunda ushbu mamlakat iqtisodiy jihatdan rivojlangan davlatlar orasida AQSH dan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan. Bunday darajaga chiqish, jumladan, demografik omil, ya’ni aholi soni ko‘pligi, hudud ulkanligi, okean qirg‘og‘idagi joylashuv bilan ham bog‘liq.

O‘zbekistonning Xitoy bilan munosabatida ham yuksalish yaqqol ko‘zga tashalanadi. Masalan, keyingi yillarda yurtimizga kirib kelgan Xitoy investitsiyasi 5 barobar, mazkur davlat bilan qo‘shma korxonalarimiz soni 3 barobar ko‘paygan. 2023 yilning 11 oyida 11 milliard dollarga yaqin qiymatga teng savdo-iqtisodiy aloqa qayd etildi. Hozir diyorimizda Xitoy kapitali ishtirokida tashkil etilgan ikki ming korxona ishlayapti. Bu jiddiy ko‘rsatkich. O‘zbekistonlik tadbirkorlar, ishlab chiqarish korxonalari ham Xitoyda keng ko‘lamli faoliyat yuritmoqda. Xususan, qishloq xo‘jaligi, ilg‘or texnologiyalar, innovatsiya sohalarida aloqalar kuchayib boryapti. Hozir Xitoy innovatsion texnologiyalar, ayniqsa sun’iy intellektdan foydalangan holda yangi iqtisodiyotni shakllantirish bo‘yicha ancha ilgarilab ketdi. Ushbu sohalar bo‘yicha ikki tomonlama aloqani yanada rivojlantirish dolzarb hisoblanadi.

Jahon axborot makonida, jumladan O‘zbekiston – Xitoy munosabatida o‘zbek milliy kontentining o‘rni qanday?

O‘zbekiston jahon axborot makonida o‘z milliy kontentiga egaligini, ayniqsa, elektron ommaviy axborot vositalari yordamida tarqatilayotgan yangiliklardan bilish mumkin. Zero, kunning dolzarb mavzusi – O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari yoritilgan maqola yoinki xabarlar butun dunyoda, xususan Xitoyda keng muhokama etilmoqda. Ikki tomonlama aloqalarga bag‘ishlangan materiallar, aholi sonidan kelib chiqadigan bo‘lsak, 2 milliardlik auditoriyani yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishtirmoqda. Biz haqimizda butun dunyo bilyapti. Dunyoning rivojlangan mamlakatlari, Yevropa va Osiyo mamlakatlari ham O‘zbekiston to‘g‘risida axborot olyapti.

Si Szinpin yozganidek, “Xitoy va O‘zbekiston buyuk tamaddunga ega qadimiy davlatlar. Buyuk ipak yo‘li xalqlarimizning 2000 yildan ziyod vaqt davomidagi do‘stona aloqalaridan darak beradi. O‘zbekiston – Markaziy Osiyo yuragida joylashgan yirik davlat. Alohida ta’kidlash kerak, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘zbek xalqi Yangi O‘zbekistonni barpo etish sari buyuk yo‘lga tushib oldi. Turli sohalardagi islohotlar va taraqqiyot sur’ati jadal tus oldi. Mamlakat mutlaqo yangi qiyofaga ega bo‘ldi, respublikaning xalqaro maydondagi mavqei sezilarli ravishda mustahkamlandi. Samimiy do‘st va har tomonlama strategik hamkor sifatida muvaffaqiyatlaringiz bizni chin yurakdan quvontiradi”.

Jadal rivojlanayotgan ta’lim sohasidagi hamkorlik, idoralararo aloqalar doirasida talaba va amaliyotchilar almashinuvi yo‘lga qo‘yilganiga ham to‘xtalsangiz.

Avvallari Xitoy deganda faqat Xitoy chinisi ko‘z oldimizga kelardi. Keyingi yillarda ikki davlat rahbarlari olib borayotgan oqilona siyosat tufayli har tomonlama strategik sheriklik jarayoni yuksak bosqichga ko‘tarildi. “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi azaliy do‘stlik rishtasini tobora mustahkam bog‘lab, avloddan-avlodga yetib borishini ta’minlashga zamin yaratmoqda. Ta’lim sohasida ham Xitoy O‘zbekistonning eng yaqin sheriklaridan biridir.

Xitoy tili milliy ta’lim sohasidagi 8 ta ustuvor xorijiy tillar ro‘yxatiga kiritilgan. Bugungi kunda Chin mamlakati Toshkent davlat sharqshunoslik, O‘zbekiston davlat jahon tillari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetlari, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Buxoro davlat universiteti singari 18 oliy o‘quv yurti bilan rasman hamkorlik qilib kelyapti. Ikkita Konfutsiy instituti o‘zbekistonliklarni xitoy tili va madaniyati bilan yaqindan tanishtirib kelmoqda. Xitoy Markaziy millatlar universiteti va Pekin chet tillar universitetida o‘zbek tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Nufuzli o‘quv akademik muassasalaridan biri hisoblangan Shanxay Xalqaro tadqiqotlar universitetida alohida o‘zbek tili kafedrasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ikki tomonlama kelishuvga muvofiq va SHHT doirasida XXR hukumati o‘zbekistonlik talaba va stajyorlarga muntazam grantlar ajratyapti.

Umuman, Ўзбекистон – Xitoy munosabati SHHT doirasida samarali rivojlanmoqda. Chunonchi, O‘zbekiston haqli ravishda nufuzli xalqaro tashkilotlar qatoridan munosib joy olib, barqaror taraqqiyot, tinchlikni mustahkamlash, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish, mintaqaviy va global darajada xavfsizlikni ta’minlashning ta’sirchan omiliga aylandi. Bir so‘z bilan aytganda, aloqalarning hozirgi holati davlatlarimiz bir-biri bilan uzoq muddatli strategik hamkor ekanidan dalolat. Eng muhimi, ayni holat ikki mamlakat xalqlari milliy manfaatiga, qolaversa hozirgi zamon talablariga to‘la mos. Ikki mamlakat o‘rtasidagi muloqot esa izchil rivojlanib borayotgan xalqaro munosabatlar tarixida muhim ahamiyat kasb etadi va yanada samarali natijalarga erishish uchun yo‘l ochadi.

Muharrama Pirmatova suhbatlashdi.

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар