Телефонлар:
(0372) 353-10-57
(0372) 353-10-27
» » Mukofotlanganlar haqida hikoyalar! YASHIL MАKON BEKАSI

Mukofotlanganlar haqida hikoyalar! YASHIL MАKON BEKАSI

07 сентябрь 2023 йил
204
0

Senga jon chekkanning, sen ham joni boʼl,
Senga ishonganning ishonch togʼi boʼl.
Bosh koʼkka yetsa ham, qulab ketsa ham,
Qadringga yetganning qadrdoni boʼl.
     Ushbu toʼrtlikda bayon etilgan maslahatga amal qilib yashagan Buvinso Xoʼjabekova kech boʼlsada bugun oʼz baxt kalitini topgan ayol sifatida elga tanildi. Uch nafar farzandni tarbiyalash, boqish uchun yolgʼiz ayol boshi bilan sobiq Аkmal Ikromov nomli xoʼjalikda sut sogʼuvchi, maktab va mahalla fuqarolar yigʼinida maoshi kam boʼlsada farroshlik qilishga majbur edi.
Yosh oila bekasini har bekatda hayot tashvishlari, sinovlari imtixondan oʼtkazardi. Mashaqqatlar, qiyinchiliklarni mushtumdek yuragi bilan yenggan ayol kechagi ogʼir kunlarni xotirasidan birma-bir oʼtkazib, taskin oladi.
Oltmish ikki yillik umri, qirq ikki yillik mehnat faoliyati davomida kamtarin, kamsuqum, sodda, mehnatkash va beozor Buvinso opa hamon oʼsha oʼzgarmagan xarakteri bilan barchaga maʼlum va eng asosiysi, mashxoʼr boʼldi.
—Yoʼlkiramga pul topolmagan paytlarim, tuman markaziga ishga borishim uchun yayov 15 kilometr masofani bosib oʼtardim,—deb eslaydi Buvinso Xoʼjabekova. —Roʼzgʼorimda yetishmovchiliklar boʼlganida, farzandlarim och qolganda ham hokimiyatdan moddiy yordam soʼrab borishni ep koʼrmaganman. Boriga ham, yoʼgʼiga ham shukr qilib, tirikchilik qilganman.
Tuman obodonlashtirish boshqarmasining ishchisi Buvinso opani mahalladoshlar “Yashil makon bekasi” deb bejiz taʼriflamas ekan. Paxtakor tumanining “Buyuk Ipak yoʼli” qishloq fuqarolar yigʼini tomon yoʼlingiz tushsa, katta oʼzbek trakti yoʼlining shu hududdan oʼtgan qismidagi obodlik beixtiyor eʼtiboringizni tortadi. Dov-daraxtlar, anvoyi gullarni oʼz bolalaridek mehr bilan parvarishlayotgan opa oʼz yoniga ikki nafar dilbandi Tursunoy va Durdonalarni ham qoʼshib, ularni yoshligidan tabiatga shaydo etgan desak mubolagʼa boʼlmaydi.
Erta tongdan quyosh botar mahalgacha, saratonning issigʼidan, qishning qahratonida ham yil oʼn ikki oy har bir tup daraxt, nihollar, gul gʼunchalarini koʼpaytirish, parvarishlash, ular bilan tillashish uchun avvalo, koʼngil pok boʼlishi kerakligini Buvinso opa yaxshi biladi. Аnomal sovuqdan omon chiqmagan bir tup archa saratonga kelib qurib qolganda, yigʼlayotgan qizi Tursunoyni koʼrib, onaizor ham unga qoʼshilib uvvos soldi.
Roʼzgʼor tashvishlaridan ham, oʼz sogʼligidan ham koʼra yashil boyliklar, dov-daraxtlar tashvishi bilan yashagan Buvinso opa oʼz xatti-harakatlari bilan el ogʼziga tushdi. Uning tashabbusi bilan mahalla hududiga har yili 3000 tup koʼchat, 10000 tup gul koʼchatlari ekiladi. Bugun mahalladagi 16000 tup mevali va manzarali daraxtlar, 14000 tupdan ortiq gullar bevosita opa mehnat qilayotgan tuman obodonlashtirish boshqarmasining shu hududda faoliyat olib borayotgan toʼrt nafar xodimlarining mehnati mahsulidir.
“Obod mahalla” davlat dasturiga kirgan mahalladagi barcha yumushlarda Buvinso opa faol ishtirok etadi. Tashkilotchiligi, obodonlashtirish va koʼkalamzorlashtirish ishlaridagi faolligi sabab mahalla va tumanda hurmat va ehtiromga sazovor boʼldi.
—Mahallamizga obodlik epkinlari kirdi, ichimlik suvi tarmoqlari tortilayapti, ekin-tikin uchun suvdan bugun muammo yoʼq,—deydi Buvinso Xoʼjabekova. —Odamlarimiz turmush darajasida ham, yerga, mulkga, tabiatga, dov-daraxtga, tomorqaga boʼlgan eʼtibor va qiziqish oshayotgani meni xursand qiladi.
Buvinso Xoʼjabekovaning mehnati xukumatimiz tomonidan munosib ragʼbatlantirildi. Mustaqilligimizning 32-yillik bayrami arafasida prezident farmoniga koʼra u “Doʼstlik” ordeni bilan mukofotlandi.
Bugun oʼz mehnati bilan toʼkis baxtga erishgan ayol oʼtayotgan kuniga shukronalar bildirishdan, inson qadri ulugʼlanayotgan yurtda eʼzoz topganidan minnatdor.
Erta tong. Buvinso opa qizlari Tursunoy va Durdonalar hamrohligida yana yashil makonga, dov-daraxtlar huzuriga oshiqadi. Quyosh ham beixtiyor ular ortidan ergashadi.
Zoir ERGАShEV.
(“Jizzax haqiqati”)
Muallif olgan surat.

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар