Телефонлар:
(0372) 353-10-57
(0372) 353-10-27
» » SOG‘LIQQA QARSHI JINOYATLAR TUSHUNCHASI, UNING SALBIY OQIBATLARI

SOG‘LIQQA QARSHI JINOYATLAR TUSHUNCHASI, UNING SALBIY OQIBATLARI

30 ноябрь 2023 йил
288
0

 Sog‘liqqa qarshi jinoyatlarda badanga har qanday og‘irlik darajasida qasddan yetkazilgan shikast uchun javobgarlik aybdorning qilmishi bilan kelib chiqqan, O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-110-modalarida ko‘rsatilgan oqibatlar o‘rtasida sababiy bog‘lanish mavjud bo‘lishini taqozo etadi.  Badanga shikast yetkazish deganda, inson organlari yoki organizmi to‘qimalari anatomik to‘kisligi yoki ular fiziologik funksiyasining tashqi ta’sir oqibatida buzilishi tushunilmog‘i lozim. Badanga yetkazilgan shikastning xususiyati va og‘irlik darajasini aniqlash, odatda, tibbiyot organlari vakolatiga taalluqli bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2012 yil 1 iyundagi 153-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan tan jarohatlarining og‘irlik darajasini sud-tibbiy aniqlash qoidalariga muvofiq o‘tkaziladi. Shu sababli, badanga shikast yetkazilgan har bir holda JPK 173-moddasi birinchi qismining 1-bandi talabiga ko‘ra sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlanishi va o‘tkazilishi shart bo‘lib, uning xulosasi sud tomonidan qayd etilgan Qoidalar va ishning boshqa materiallari asosida (JPK 187-moddasi) baholanadi. Badanga shikast yetkazishga oid ishlar bo‘yicha qilmishni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish uchun ayb shakli, badanga shikast yetkazish motivi, maqsadi va usuli, aybdorning qilmishi bilan kelib chiqqan oqibat o‘rtasida sababiy bog‘lanish mavjudligi, shuningdek ishning to‘g‘ri hal etilishi va aybdorga adolatli jazo belgilanishi uchun ahamiyatli bo‘lgan boshqa holatlar batafsil aniqlanishi lozim. Jkning 104-110-moddalari bo‘yicha javobgarlik aybdorda mazkur moddalar dispozitsiyasida ko‘rsatilgan shikastni boshqa bir odamga huquqqa xilof ravishda yetkazishga nisbatan qasd (to‘g‘ri yoki egri) mavjud bo‘lgandagina kelib chiqadi.

Agar aybdor o‘z harakati yoki harakatsizligining ijtimoiy xavfli ekanligini anglasa, jabrlanuvchi badaniga muayyan darajada shikast yetkazishi mumkinligiga ko‘zi yetsa va shuni xohlasa yoinki xohlamasada, bunga ongli ravishda yo‘l qo‘ysa yoki o‘z qilmishidan kelib chiqadigan oqibatlarga befarq qarasa, barcha qilmish aslida kelib chiqqan oqibatlar bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi. Agar mazkur oqibatlar, garchi ular aybdorning huquqqa xilof harakatlari bilan bog‘liq bo‘lsada, biroq organizmning individual xususiyatlari yoki ko‘rsatilgan tibbiy yordam tegishlicha bo‘lmaganligi, jabrlanuvchining unga yetkazilgan ziyon og‘irlashishiga sabab bo‘lgan o‘z harakatlari, aybdorning qasdi bilan qamrab olinmagan boshqa holatlar tufayli kelib chiqqan bo‘lsa, qilmishni JKning ko‘rsatilgan moddalari bilan kvalifikatsiya qilish uchun asoslar bo‘lmaydi. Aybdorning qasddan qilgan harakatlari oqibatida jabrlanuvchi badaniga og‘ir shikastdan tashqari boshqa og‘irlik darajasidagi shikast yetkazilgan hollarda, qilmishni Jinoyat kodeksining badanga yengilroq darajada shikast yetkazganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli moddalari bilan qo‘shimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi JK 104-moddasining 1-qismida ko‘rsatilgan badanning tuzalmaydigan darajada xunuklashishi deganda, jarrohlik aralashuvisiz bartaraf etib bo‘lmaydigan inson qiyofasiga yoqimsiz, seskantiradigan ko‘rinish beruvchi jarohat (jumladan, mexanik ta’sir, olov, agressiv moddalar va h.k.lar ta’sirida yuz simmetriyasining, mimikaning buzilishi, chuqur chandiqlar, kertiklar paydo bo‘lishi, badanning yara bosishi, burun, lab, quloqning ajratilishi va boshqa nuqsonlar) tushuniladi. Badan jarohatlarining tuzalmaydigan darajada ekanligini aniqlash sud-tibbiy ekspertiza vakolatiga taalluqli. Jarohatlarni xunuklashtiruvchi deb topish masalasi tergov organlari va sudning vakolatiga tegishli bo‘lib, u jamiyatda mavjud estetik tasavvurlar nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda  hal etiladi. Bunda mazkur jarohatlarni kiyim, soch turmagi va boshqa yo‘sinda yashirish imkoniyati borligi ularni xunuklashtiruvchi deb topish masalasini hal etishga ta’sir etmasligi lozim. Qilmishni homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayol badaniga qasddan yetkazilgan og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast sifatida kvalifikatsiya qilish uchun ayolning homilador ekanligi holati uning badaniga shikast yetkazilgunga qadar aybdorga ma’lum bo‘lgan bo‘lishi lozim. Bunda qilmishni mazkur belgi bilan kvalifikatsiya qilish uchun homilani tushirishga nisbatan qasd mavjud bo‘lishi, aybdorning harakatlari homilaning tushishiga olib kelmagan hollarda esa, badanga boshqa, tegishlicha, og‘ir, o‘rtacha og‘ir shikast yetkazilgan bo‘lishi shart. Aks holda, harakatlar, kelib chiqqan oqibatlar bo‘yicha, JKning badanga qasddan shikast yetkazish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli moddasi bilan kvalifikatsiya qilinadi.

O‘ta shafqatsizlik, jumladan badanga og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazishga sabab bo‘lgan azoblash va qiynashda namoyon bo‘ladi. Bunda azoblash deganda, uzoq vaqt ovqat, suv yoki issiqlikdan mahrum qilish kabi xo‘rlovchi harakatlar, yoxud insonni sog‘liq uchun ziyon yetkazuvchi sharoitga solish yoki unda qoldirish va h.k. tushunilishi lozim. Qiynash deganda, ko‘p marta yoki uzoq vaqt davomida og‘riq yetkazuvchi, jumladan, muttasil do‘pposlash, chimchilash, kesish, o‘tmas yoki o‘tkir-sanchiluvchi (kesuvchi) predmetlar bilan ko‘p sonli, biroq chuqur bo‘lmagan jarohatlar yetkazish, elektr yoki termik omillar orqali ta’sir ko‘rsatish va h.k. bilan bog‘liq harakatlar tushuniladi.  Badanga qasddan og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish usulini o‘ta shafqatsizlik xususiyatiga ega deb topish masalasini hal qilish sud-tibbiyot ekspertining emas, tergov  organlari va sudlar vakolatiga taalluqli. Jabrlanuvchi uchun yaqin shaxslar ko‘z o‘ngida uning badaniga qasddan og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish holati ham basharti bunda aybdor o‘z harakatlari bilan ularga alohida azob berayotganligini anglagan bo‘lsa, aybdor tomonidan namoyon etilgan o‘ta shafqatsizlik ifodasi sifatida baholanishi lozim. Jabrlanuvchi uchun yaqin shaxslar toifasiga uning yaqin qarindoshlari bilan bir qatorda, u bilan alohida do‘stlik munosabatlarida bo‘lgan shaxslar ham kiritilishi mumkin. Badanga qasddan tamagirlik niyatida, ayni paytda, bosqinchilik belgilari mavjud bo‘lmagan holda yetkazilgan og‘ir, o‘rtacha og‘ir shikast, tegishlicha JKning 104-moddasi ikkinchi qismining «d» bandi, 105-moddasi ikkinchi qismining «ye» bandi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Jabrlanuvchi badaniga uning organlari yoki to‘qimalarini qonunsiz olish paytida yetkazilgan og‘ir shikast ham transplantatsiya maqsadida uni o‘z organlari yoki to‘qimalarini berishga majburlash paytida yetkazilgan og‘ir shikast ham JK  104-moddasi ikkinchi qismining «i» bandi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Bunda aybdorning harakatlari natijasida kishi organi yoki to‘qimasi olingan bo‘lishi shart bo‘lmay, unda transplantat olish maqsadi borligi aniqlanishining o‘zi kifoya.

Qasddan badanga yetkazilgan og‘ir, o‘rtacha og‘ir shikastni, tegishlicha, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan deb kvalifikatsiya qilish uchun aybdor jinoyatning ijrochisi yoki boshqa turdagi ishtirokchisi ekanligi ahamiyat kasb etmaydi.

Ishtirokchilikda badanga qasddan og‘ir, o‘rtacha og‘ir shikast yetkazilganda, takroriylik sifatidagi kvalifikatsiya belgisi, faqat, ushbu belgiga loyiq aybdorga nisbatan qo‘llanilib, boshqa ishtirokchilarga nisbatan qo‘llanilishi istisno etiladi. Kelib chiqqan o‘limga nisbatan ehtiyotsizlik ko‘rinishidagi ayb, jumladan aybdor tomonidan o‘ldirib qo‘yish ehtimoli anglanganligidan dalolat bermaydigan usul yoki qurol bilan yoxud hayotiy muhim bo‘lmagan organlariga yetkazilganligida va shunga o‘xshash boshqa holatlarda namoyon bo‘lishi mumkin. Badanga qasddan yetkazilgan va jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan og‘ir shikastni ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirishdan farqlashlari lozim. Bunda shuni e’tiborga olish lozimki, ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirishda aybdorda jabrlanuvchi badaniga og‘ir shikast yetkazishga nisbatan ham, uni o‘ldirib qo‘yishga nisbatan ham qasd bo‘lmasligi taqozo etilsa, jabrlanuvchi badaniga uning o‘lishiga sabab bo‘lgan og‘ir shikast yetkazilganda esa, shaxsning qasdi jabrlanuvchiga shunday shikast yetkazishga qaratilgan bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi JK 104-moddasi, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, sodir etilayotgan paytda hayot uchun xavfli bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish natijasida ko‘rish, so‘zlash, eshitish qobiliyatini yo‘qotish yoxud biron a’zoning ishdan chiqishi yoki uning faoliyati tamoman yo‘qolishiga, ruhiy holatining buzilishiga yoki sog‘lig‘ining boshqacha tarzda buzilishiga, umumiy mehnat qobiliyatining o‘ttiz uch foizidan kam bo‘lmagan qismining doimiy yo‘qolishiga yoki homilaning tushishi yoxud badanning tuzalmaydigan darajada xunuklashishiga sabab bo‘lsa va JKning 1261-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish: a) homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan; b) o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan; v) o‘ta shafqatsizlik bilan; g) ommaviy tartibsizliklar jarayonida; d) tamagirlik niyatida; e) bezorilik oqibatida;  j) millatlararo yoki irqiy adovat zamirida; z) diniy taassublar zamirida; i) inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini olish maqsadida; k) bir guruh shaxslar tomonidan;  l) qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan bo‘lsa, —  besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish: a) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan; b) takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari JKning 97-moddasida nazarda tutilgan tarzda qasddan odam o‘ldirgan shaxs tomonidan; v) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan; g) uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoki shu guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa; d) jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lsa, — sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

105-moddasi, qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, sodir etilayotgan paytda hayot uchun xavfli bo‘lmagan va JKning 104-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarga olib kelmagan, lekin sog‘liqning uzoq vaqt, ya’ni kamida yigirma bir kun, ammo to‘rt oydan ko‘p bo‘lmagan davrda yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining o‘n foizidan o‘ttiz uch foizigacha yo‘qolishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish JKning 1261-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa — uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish: a) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan; b) homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan;                  v) o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan; g) o‘ta shafqatsizlik bilan; d) ommaviy tartibsizliklar jarayonida; ye) tamagirlik niyatida; j) millatlararo yoki irqiy adovat zamirida; z) diniy taassublar zamirida; i) bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud shu guruh manfaatlarini ko‘zlab; k) takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari Jkning 104-moddasida nazarda tutilgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatini sodir etgan yoxud JKning 97-moddasida nazarda tutilgan qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etgan shaxs tomonidan; l) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan; m) qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan bo‘lsa, — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

106-moddasi, kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan badanga og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, jabrlanuvchi tomonidan qilingan g‘ayriqonuniy zo‘rlik yoki og‘ir haqorat, shuningdek aybdorning yoki uning yaqin kishisining o‘limiga yoki sog‘lig‘iga ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lgan yoxud sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa g‘ayriqonuniy harakatlar tufayli to‘satdan yuz bergan kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan badanga og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

107-moddasi, Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

108-moddasi, Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlashning zarur choralari chegarasidan chetga chiqib, badanga qasddan og‘ir shikast yetkazish — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

109-moddasi, Qasddan badanga yengil shikast yetkazish, sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish o‘sha harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Sog‘liqning qisqa vaqt, ya’ni olti kundan ortiq, ammo yigirma bir kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga yengil shikast yetkazish JKning 1261-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

110-moddasi, Qiynash, muttasil ravishda do‘pposlash yoki boshqacha harakatlar bilan qiynash, agar JKning 104, 105-moddalarida, 1261-moddasining to‘rtinchi - sakkizinchi qismlarida  nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqarmagan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. O‘sha harakatlar:a) voyaga yetmagan shaxsga nisbatan; b) homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan; v) ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, — uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

111-moddasi, Ehtiyotsizlik orqasida badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Ehtiyotsizlik orqasida badanga og‘ir shikast yetkazish — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Ehtiyotsizlik orqasida ikki yoki undan ortiq shaxs badaniga o‘rtacha og‘ir yoki badanga og‘ir shikast yetkazish — bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan              75 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari bilan jazolanadi.

 

A.Xomidov

Jizzax viloyat sudining sudyasi                                                        

 

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар