Телефонлар:
(0372) 353-10-57
(0372) 353-10-27

Kitob nima uchun o‘qiladi?

25 январь 2024 йил
80
0

Dolzarb mavzu

Kitob, shak-shubhasiz, insoniyat tomonidan yaratilgan buyuk mo‘’jizalardan biri. Daraxt po‘stlog‘i yoki teriga yoziladimi, qog‘oz yoki sopolga bitiladimi – bashariyat rivojiga ulkan hissa qo‘shgan muqaddas kitoblar, keyingi davrlarda yaratilgan ilmiy va badiiy kitoblar, bugun urf bo‘layotgan elektron kitoblar – barcha-barchasi insonning intellektual va ma’naviy yuksalishiga xizmat qiladi. Kitob mutolaasi, kitobxonlik esa hamma zamonlarda ham qadrlanib, e’zozlangan an’analardan.

Bugun yurtimizda kitobxonlikka, xususan, yoshlarni kitob mutolaasiga rag‘batlantirish borasida tinimsiz harakat olib borilmoqda. Tanlovlar, aksiyalar, uchrashuvlar, targ‘ibot tadbirlari... Bularning zamirida bitta maqsad – aholini kitobxonlikka o‘rgatish, unutilayozgan an’analarni tiklash va ilmga yo‘naltirish mujassamligi barchamizga ma’lum. Zero, ilmu ma’rifat, keng dunyoqarash, ma’naviy yetuklik elu yurt taraqqiyotini, uning tinchligi va farovonligini belgilovchi omillardan biri sanaladi.

...O‘tgan yil yoz oylari edi. Qishloqqa borib, qarindosh-urug‘, yor-do‘stlar bilan gurunglashdim. Biroz bo‘sh paytdan foydalanib, dalalarga chiqdim. Bolaligim o‘tgan go‘shalarni aylandim. Birdan dala chetlarida, ariq bo‘ylarida, daraxtlar soyasida muk tushib kitob o‘qiyotgan yoshlarga ko‘zim tushdi. Biri o‘rik ostida o‘tirgancha, yana biri tut soyasida to‘shak yozvolib, yana biri tol ostidagi so‘riga yonboshlab kitob o‘qishyapti! Yonlariga borganimni ham payqashmadi. “Voajab! Bo‘lar ekan-ku!” deb yubordim. Jazirama issiq, uydagi dimiq havodan qochib daladagi mayin shabbodada mutolaaga berilishgan edi ular. Qo‘liga kitob ushlagan o‘ndan ortiq yoshning oldidan o‘tarkanman shahardagi shinam kutubxonalar, zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan axborot-kutubxona markazlari, soya-salqin istirohat bog‘lari, mutolaa uchun qulay shart-sharoitlar ko‘z oldimdan o‘tdi.  

– O‘qishga kirish uchun tayyorlanyapman. Bu yer sokin, hech kim halaqit bermaydi. Kecha boshlagan kitobimni tugallayapman, – deydi o‘zini Jahongir deb tanishtirgan yigit.  

U o‘qiyotgan kitob Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romani edi – qisqagina suhbat chog‘ida muqovasiga ko‘zim tushib qoldi.

Lekin... Asar mavzusi va g‘oyasi, ma’rifatparvar adibning bu asar orqali nima demoqchiligi-yu, umuman, badiiy asardan olinadigan zavq haqidagi savol-javoblarimizdan qoniqmadim. “Aytdim-ku, oliy ta’limga kirish uchun zarur bu kitoblarni o‘qish. Tanlagan mutaxassisligim butunlay adabiyotdan yiroq”, deya o‘zini oqlashga tutinadi suhbatdoshim...

O‘quvchilik yillarim esimga tushadi. Maktabimizning mo‘’jazgina kutubxonasi bo‘lardi. Uncha katta bo‘lmasa ham, o‘zbek va jahon adabiyotining durdonalari, bolalar adiblarining kitoblari, detektiv-sarguzasht asarlar ko‘p edi. Ularni qo‘lma-qo‘l qilib o‘qirdik, bir-birimizga tushunganimizcha aytib berib, taassurotlarni o‘rtoqlashardik. “Tugatsang, birga kiramiz, men olaman shu kitobni” deb aytib ham qo‘yardik bir-birimizga. Vazifalarni bajarib bo‘lib, albatta, badiiy asar mutolaasiga sho‘ng‘irdik. Kutubxonachi opa ham boshqacha edi – har gal o‘qib tugatgan kitobimizni topshirgani kirsak, shu asar bo‘yicha savol-javob qilardi. “Undoq emas, mana bundoq, yaxshi tushunmabsan yoki e’tibor berib o‘qimabsan” deb go‘yo imtihon qilardi bizni. Kutubxonaga kitob uchun kirishning o‘zi katta mas’uliyat yuklardi zimmamizga. Adabiyot darslaridan tashqari, Nikolay Nosov, Robert Stivenson, Jek London, Aleksandr Dyuma, G‘afur G‘ulom, Said Ahmad, Abdulla Qahhor kabi nomlarni maktab kutubxonasida taniganmiz, ularning asarlaridan olam-olam zavq olganmiz. Xudoyberdi To‘xtaboyev va Anvar Obidjonning bolalarbop hikoyalari, qissalarini o‘qiganda ko‘zlarga yosh kelganini, bir muddat o‘yga tolganimizni, hayotning oqu qorasini taniganday, o‘zimizni ulg‘aygan kabi sezgan onlarimizni unutib bo‘ladimi?! Quddus Muhammadiy, Po‘lat Mo‘min, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov singari shoirlarning she’rlarini yod olib, kimo‘zarga aytishganimiz, she’riyat olamining o‘zgacha havosidan olingan ilk nafaslar, titroq-hayajonlar hamon yuraklarda, axir! Yana bir jihati, kitoblardagi obrazlar qahramonimizga aylangan. Ulardek bo‘lish maqsadimizga aylangani, tunlari bilan kitobning har bir sahifasi yodga aylangani ham haqiqat. Dadam rahmatli Hamid G‘ulomning “Mangulik” asari qahramoni Ma’sudning ismini menga qo‘ygani ham kitobning qudratidan dalolat emasmi?!  

... Kitobxonlikni yuksaltirish uchun muhit, sharoit yaratish zarur, menimcha. Balki ta’lim muassasalaridagi, tuman va viloyat markazlaridagi kutubxonalar haqida targ‘ibot, reklama ishlarini yo‘lga qo‘yish, har bir qishloq markazida jajji kutubxona bunyod qilish, ularning otalig‘ini biror korxonaga yuklash mumkindir. Joylarda tashkil etilgan “Ziyo maskanlari” faoliyatini izchil o‘rganib chiqish ham kerak. Chunki aksariyati oziq-ovqat do‘koniga aylanib ketgan.  

Kitobxonlikni ommalashtirishda kutubxonachilar zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi. Ular faqat hisobot topshirishu kitoblar saqlanishiga javobgar emas, o‘quvchi-talabalarni mutolaaga qiziqtira oluvchi, o‘zi ham kitobga mehrli, faol kitobxon bo‘lishi kerak.

Sektorlar va korxona-tashkilotlar rahbarlari ham bu borada o‘rnak ko‘rsatishlari kerak. Har bir ishxonada qulay va ko‘zga ko‘rinarli joyga kitobxonlik burchagi tashkil etish juda mushkul emas-ku!  

Prezidentimiz Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida kitobxonlik masalasiga alohida to‘xtalib, hududlarda birinchi rahbarlar ilm-fan, ma’naviyat, ta’lim-tarbiya uchun mas’ul ekanliklarini ta’kidlagani bejiz emas. Shuningdek, davlatimiz rahbari “Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini, ezgu g‘oyalarni tarannum etishda o‘zbek adabiyoti boshqa madaniyat sohalari uchun hamisha mustahkam zamin bo‘lib kelgan”ligini e’tirof etdi. Jamiyatimizda kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha boshlagan ishlar davom ettirilib, bu yildan milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini ko‘pming nusxalarda chop etish va barcha kutubxonalarga yetkazib berish choralari ko‘rilishi, mamlakatimizda Xalqaro bolalar adabiyoti ko‘rgazmasini tashkil etish, Internet adabiyotini rivojlantirish kabi vazifalar belgilandi.

Oilada ham ota-onalar, kattalar o‘zi o‘qigan kitob haqida yosh avlodga gapirib berishni odat qilishi muhim. Farzandlar nima o‘qiyapti, kimning qanday asarini mutolaa qilyapti? Bu bilan qiziqishimiz, vaqti kelganda shu asar bo‘yicha bahs-munozara qilishmiz kerak. Aytmoqchi bo‘lganim – faqat imtihonlar va tanlovlar uchungina o‘qish kerak emas kitobni! Yodlash yoki xo‘jako‘rsinga o‘qilmaydi badiiy asar! Zero, adabiyot – tarix va kelajakni bog‘lovchi ko‘prik, jamiyatdagi illatlarni, yo‘l qo‘yilgan xatolarni ko‘rsatib beruvchi oynadir. Adabiyot – inson his-tuyg‘ularini tarbiyalovchi vosita, ezgulik va yaxshilikka undovchi mayoqdir. Inson ma’naviyatini, vatanparvarlik, yurtparvarlik xislatlarini, dunyoqarashini yuksaltiruvchi murabbiydir kitob!  

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA muxbiri

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар