Телефонлар:
(0372) 353-10-57
(0372) 353-10-27
» » Davlat dasturi – xalq manfaatlari ifodasi

Davlat dasturi – xalq manfaatlari ifodasi

12 март 2024 йил
123
0

 2024-yil Respublikamizda “Yoshlar va biznesni qoʼllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilinishi munosabati bilan yoshlar bandligini taʼminlashning yangi yoʼnalishlarini belgilash, ularni tadbirkorlikka keng jalb qilishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish asosiy maqsadlardan biriga aylandi.

Shu munosabat bilan, davlatimiz rahbari tomonidan “Oʼzbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʼllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʼgʼrisida”gi Farmoni tasdiqlanib, ijroga yoʼnaltirildi.

Аhamiyatli tomoni shundaki, har yilgi davlat dasturi ishlab chiqilishida “Jamiyat - islohotlar tashabbuskori” degan yangi gʼoyani amaliyotda roʼyobga chiqarish, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki koʼlamini kengaytirish, inson, jamiyat va davlatning oʼzaro yaqin hamkorligini oʼrnatish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda davlat dasturi loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qoʼyilib, xalqimizning xohish-istaklari, fikr-mulohazalari asosida ishlab chiqildi. Oʼtgan yillar tajribasidan maʼlumki, Oʼzbekiston taraqqiyotini belgilab beruvchi mazkur hujjatlardagi eng xalqchil gʼoyalar jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflar asnosida yaratilmoqda. Shuning uchun yurtdoshlarimizning ushbu jarayonlardagi faolligi, islohotlarga boʼlgan daxldorlik hissi yildan-yilga oshib bormoqda.

2024 yilgi davlat dasturi 5 ta yoʼnalish va 100 ta maqsaddan iborat boʼlib, unda har bir insonga oʼz salohiyatini roʼyobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish, barqaror iqtisodiy oʼsish orqali aholi farovonligini taʼminlash, suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish, “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Dasturning ahamiyatli tomonlaridan biri shundaki, unda joriy yilda amalga oshiriladigan islohotlarda birinchi oʼringa shaxs, inson qadr-qimmati yuqori oʼringa qoʼyilgan, xalq manfaati va qadr-qimmati asosiy mezonga aylangan.

Xususan, dasturdagi birinchi maqsaddan oʼn uchinchi maqsadgacha maktabgacha taʼlim, umumiy oʼrta taʼlim hamda oliy taʼlim tizimida taʼlim olish jarayonini rivojlantirish, oʼqituvchi va murabbiylarning huquq va manfaatlarini yanada mustahkamlash, yoshlarni turli loyihalar va tanlovlar orqali ilm olishga boʼlgan qiziqishlarini yanada oshirish, ularni zamonaviy kasb-hunarga yoʼnaltirish borasida keng imtiyozlar yaratish belgilangan.

Аlbatta, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlar barcha yoshlar oʼrtasida sogʼlom raqobat muhitini shakllantirish, oʼzaro doʼstona munosabatlarni mustahkamlash, intellektual qobiliyatlarini rivojlantirish, oʼz bilim va salohiyatlarini namoyon qilish hamda ishsiz yoshlarni turli kasb-hunar va tadbirkorlik orqali bandligini taʼminlashda muhim dasturulamal boʼlishi shubhasiz.

Prezident farmonining 32-bandida “Yuksalish” harakati Davlat dasturining amalga oshirilishini, shu jumladan joylarga chiqib, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda tanqidiy oʼrganib borishi va natijalari boʼyicha har oyda yuqori turuvchi organga axborot kiritib borishining mustahkamlab qoʼyilishi bizga katta ishonch va masʼuliyat yuklaydi. Jumladan, davlat hokimiyati organlari, vazirlik va idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari Harakatning mazkur band ijrosi boʼyicha faoliyatiga har tomonlama koʼmaklashib borishi, ularga zaruriy shart-sharoit yaratib berishining belgilab qoʼyilishi Davlat dasturining samarali ijrosida katta omil boʼlib xizmat qiladi.

Shu oʼrinda aytishimiz mumkinki, amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar jarayoni tizimli davom etib, ular oʼz samarasini berishidan barcha yurtdoshlarimiz birdek manfaatdor. “Oʼzbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʼllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichini boshlab berishiga, uni amaliyotga joriy qilishda barcha davlat va jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ham kamarbasta boʼlishiga ishonchimiz komil.

  

Muzaffar MАMАTQULOV,

“Yuksalish” harakati Jizzax

viloyati hududiy boʼlinmasi rahbari,

Xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi deputati

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг

Тавсия этамиз:

Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар