Телефонлар:
(0372) 353-10-57
(0372) 353-10-27
» » Voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikni oldini olish

Voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikni oldini olish

01 декабрь 2023 йил
182
0

       

  Sudlar voyaga yetmaganlarga oid jinoyatlari haqidagi ishlarini ko‘rishda asosan qonunlarni to‘g‘ri tatbiq etilishini qa’tiy ta’minlash bilan, voyaga yetmaganlarning jinoyat sodir etishiga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni lozim darajada aniqlash, ularni bartaraf qilish choralarini ko‘rishlari lozim.

    Voyaga yetmaganlarning jinoyat ishlarini ko‘rishda, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlarni sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqib, qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasini va sudlanuvchining shaxsini e’tiborga olgan holda aniqlangan haqiqiy holatlar va dalillar majmuasiga to‘g‘ri baho berilib, odillik va insonparvarlik tamoyillariga amal qilgan holda qonunda ko‘rsatilgan xususiyat va imtiyozlaridan to‘la foydalanishga qaratilishi lozim.

     Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyat ishlarini sudda ko‘rish uchun tayinlash vaqtida sudlar ayblanuvchiga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish sifatidagi ehtiyot chorasining asosli ekanligini sinchiklab tekshirishlari, ayni vaqtda JPKning 242, 243-moddalariga va Oliy sud Plenumining 2007 yil                 14 noyabrdagi «Sudga qadar ish yuritish bosqichida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasining sudlar tomonidan qo‘llanilishi to‘g‘risida»gi qarorida ko‘rsatilgan tushuntirishlarga muvofiq bunday ehtiyot chorasi sudlanuvchining shaxsi, sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi shuni taqozo etgan hollardagina qo‘llanishini nazarda tutishlari lozim.

         Voyaga yetmaganning qamoqqa olinishi asossiz deb topilgan hollarda sud darhol ehtiyot chorasini o‘zgartirishi lozim bo‘ladi.

         Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda shuni nazarda tutish lozimki, ayblanuvchi bu paytga kelib voyaga yetgan-yetmaganligidan qati nazar, bunday ishlar bo‘yicha advokat ishtirok etishi shart. Ushbu qoida shaxs jinoyatchilardan birini 18 yoshga to‘lmasdan oldin, boshqasini voyaga yetganidan so‘ng sodir etganlikda ayblangan hollarda ham amal qiladi.

        Jinoyat protsessual kodeksining 51-moddasiga muvofiq dastlabki tergov jarayoni va sudda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyat ishlari bo‘yicha advokatning ishtirok etishi shart. Mazkur qoida JPK 52-moddasi talabiga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxs himoyachidan voz kechganda ham tatbiq etiladi. Ushbu protsessual qonun talablariga rioya qilmaslik JPK  419, 487-moddalariga asosan, hukmning bekor qilinishiga asos bo‘ladigan jinoyat protsessual Qonunning jiddiy buzilishi deb baholanadi.

       Himoyachi ishtirok etishi shart bo‘lgan hollarda uning ishtirokisiz aniqlangan har qanday dalil yuridik kuchga ega emasdir.

     Jinoyat-protsessual kodeksining 551 va 562-moddalariga muvofiq sud voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyat ishlari ko‘riladigan vaqt va joy haqida ularning ota-onasini, ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslarni, vasiylik yoki homiylik organi vakillarini, voyaga yetmaganlar o‘qigan yoki ishlagan korxona, muassasa, tashkilotni, voyaga yetmaganlarning ishlari bo‘yicha shug‘ullanuvchi komissiyani, fuqarolarni o‘z-o‘zini boshqarish organlari vakillarini, zarur bo‘lsa boshqa tashkilotlarni ham xabardor qiladi. Sud bu tashkilotlarning vakillarini, sudlanuvchining vasiy yoki homiysini, voyaga yetmaganlarning ishlari bo‘yicha shug‘ullanuvchi komissiyaning vakillarini guvoh sifatida so‘roq kilish uchun sud majlisiga chaqirishga haqlidir.

        Voyaga yetmagan sudlanuvchining qonuniy vakili masalasi hal etilayotganda shuni nazarda tutish kerakki, JPK 60-moddasining 2-qismida keltirilgan qonuniy vakil bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslarning ro‘yxati qat’iy berilgan.

      Agar voyaga yetmaganning ota-onasi bo‘lmasa va u yolg‘iz yashayotgan yoxud tegishli ravishda vasiy yoki homiy etib tayinlanmagan shaxs bilan yashayotgan bo‘lsa, sud voyaga yetmaganning qonuniy va¬kili sifatida vasiylik yoki homiylik organining vakilini chaqirishi zarur.

      Sudlar JPK 548-moddasiga ko‘ra, voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlar bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar katoriga yoshini va shaxsini aniqlashlik ham kirishini nazarda tutishlari zarur. Ayni vaqtda, shu narsani e’tiborda tutish kerakki, shaxs tug‘ilgan kunidan boshlab emas, balki tug‘ilgan kuni o‘tganidan so‘ng, ya’ni ertasi kunning nol soatidan boshlab jinoyat uchun javobgarlik boshlanadigan yoshga to‘lgan deb hisoblanadi.

   Sudlar ishda albatta voyaga yetmaganlarning tug‘ilish guvohnomasi yoki pasportidan fotonusxa mavjudligiga ahamiyat berishlari kerak. Ishda bunday hujjatlar yo‘qligi aniqlangan taqdirda sudning o‘zi bunday kamchilikni bartaraf qilishi zarur.

     Sudlanuvchining yoshi sud-tibbiyot ekspertizasi tomonidan aniqlanayotganda, uning tug‘ilgan kuni deb, ekspertlar aniqlagan yilning oxirgi kuni hisoblanadi. Yosh eng kam va eng ko‘p yillar miqdori bilan aniqlanganda, sud ekspertlar tomonidan belgilangan eng kam yoshdan kelib chiqishi lozim.

    Shuni nazarda tutish lozimki, JK 87-moddasining 3-qismiga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxs rivojlanishda o‘z yoshiga nisbatan ancha orqada qolgan bo‘lsa va sodir etgan qilmishining ahamiyatini to‘la ravishda anglab yetmasa, sud jazo o‘rniga majburlov chorasi qo‘llash maqsadga muvofiqligi masalasini ko‘rib chiqishi shart.

   Sudlarga ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan voyaga yetmagan shaxslarga hamda ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatni takroran sodir etgan voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan JKning 88-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan majburlov choralarini kengroq qo‘llanishi ko‘rsatilgan.

    Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan voyaga yetmagan shaxs, agar sodir etilgan qilmishining xususiyati, aybdorning shaxsi va ishning boshqa holatlarini e’tiborga olib, sud uni jazo qo‘llamasdan turib ham tuzatish mumkin degan xulosaga kelsa, ishni ko‘rish uchun tayinlash bosqichida ishni tugatish va uni voyaga yetmaganlar ishlari bilan shug‘ullanuvchi komissiyada ko‘rishga yuborish haqida ajrim chiqaradi.

  Jinoyat kodeksi 87-moddasining 2 qismida ko‘rsatilgan asoslar bilan voyaga yetmagan shaxsni jazodan ozod etish va unga nisbatan shu kodeksning              88-moddasida ko‘rsatilgan majburlov choralarini qo‘llash yuzasidan sud jazo tayinlamasdan turib jazodan ozod etish haqida hukm chiqaradi.

   Voyaga yetmagan sudlanuvchining aqli norasoligidan dalolat beruvchi ma’lumotlar mavjud bo‘lgan taqdirda, voyaga yetmaganning aqliy rivojlanishida ortda qolgani yoki ortda qolmagani haqidagi masalaga aniqlik kiritish uchun kompleks sud-ruhiyotshunoslik ekspertizasi tayinlanishi lozim.

     Mazkur masalalarning yechimi ekspertlar komissiyasi ixtiyoriga havola etilishi ham mumkin. Bunda voyaga yetmaganning aqliy rivojlanishi, uning yoshidan naqadar ortda qolganligi, aqli zaifligi qay darajada ekanligi haqidagi savollarga javob berish shart qilib qo‘yilishi kerak.

     Jinoyat kodeksi 55-moddasining «g» bandiga ko‘ra, jinoyatning jismoniy yoki ruhiy tazyiq o‘tkazilishi natijasida sodir etilishi, yoxud voyaga yetmagan shaxsning moddiy tomondan, xizmat jihatidan yoki boshqa jihatdan qaramligi sababli sodir etilishi javobgarlikni yengillashtiruvchi holat ekanligini ham nazarada tutish kerak. Shu munosabat bilan sudlar voyaga yetmagan shaxsga nisbatan aynan qanday jismoniy yoki ruhiy tazyiq o‘tkazilganligini aniqlashlari shart.

   Sud voyaga yetmaganlarga jazo tayinlash masalasini hal etayotganda, birinchi navbatda, sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, ana shu shaxslarga oid ma’lumotlarni hamda jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni nazarda tutib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni qo‘llash imkoniyatini muhokama qilishi lozim. Sud aybdorni jamiyatdan ajratmasdan turib qayta tarbiyalashning imkoniyati bo‘lmagan hollardagina ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni tayinlashi mumkin. Ayni vaqtda hukmda sudning bu to‘g‘risidagi xulosasi asoslantirilishi shart.

    Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyat ishlari yuzasidan hukm chiqarishda ularning jinoiy qilmishlariga xolisona baho berilishi, ularga nisbatan JKning 72, 87-moddalarini qo‘llash masalasini sudlar atroflicha, har tomonlama muhokama qilishlari lozim.

   Sudlar voyaga yetmaganlarga nisbatan JKning 72-moddasini qo‘llaganlarida sudlanganga sinov muddati davrida qanday muayyan majburiyatlar yuklatilishini (o‘qishni yakunlashi, ishga joylashishi va h.k.lar) hukmda aniq ko‘rsatishlari shart.

    Voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanayotganda Jinoyat kodeksining 85-moddasini tatbiq etishning o‘zi yetarli bo‘lib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘shimcha qo‘llash talab etilmaydi. Sudlanuvchiga u aybdor deb topilgan Jinoyat kodeksi Maxsus qismining moddasida nazarda tutilmagan boshqa yengilroq turdagi jazolarning tayinlanish hollari bundan mustasnodir.

      Sudlar voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyat ishlari sudda ko‘rilayotganda jinoyatni keltirib chiqargan sabablarni aniqlab, ularni bartaraf qilish uchun xususiy ajrim chiqarishlari shart.

       Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiruvchi, voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik sodir etilishi va ularni nazoratsiz qoldirish hollarining oldini oluvchi hamda ular o‘rtasida sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning kelib chiqishi sabablari, shart-sharoitlarini aniqlash va bartaraf etish choralarini amalga oshiruvchi organ hisoblanishiga e’tibor qaratilsin.

Shu bois sudlar voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni ko‘rishda ushbu komissiyalarning o‘z vazifalarini lozim darajada bajargan-bajarmaganliklarini aniqlab, ularning faoliyatini xolisona baholab, aniqlangan kamchiliklarga nisbatan albatta tegishli munosabat bildirishlari shart.

 

  Jinoyat ishlari bo‘yicha

  Paxtakor tuman sudi raisi U.Sattarov

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар