Телефонлар:
(0372) 353-10-57
(0372) 353-10-27
» » Talonchilik jinoyati tushunchasi, salbiy oqibatlari va jazo choralari

Talonchilik jinoyati tushunchasi, salbiy oqibatlari va jazo choralari

14 февраль 2024 йил
108
0

 O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi, talonchilik, ya’ni o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-to­roj qilish hisoblanadi. Talonchilikning ijtimoiy xavfliligi shundan iboratki, bunda mulkka tajovuz ochiq va jinoyatchining o‘ta surbetligi, shu bilan birga o‘rnatilgan tartibni, huquqiy va axloqiy qoida­larni va jamiyat qadriyatlarini mensimaslik bilan amalga oshi­riladi. Shu bilan aybdorning bunday harakatlari u jazosiz qo­lishiga ishonishidan dalolat beradi. Talonchilikning ob’ekti o‘zining ijtimoiy-iqtisodiy maz­muni bo‘yicha o‘zganing mulkini talon-toroj qilish jinoyat­lari bilan to‘laligicha mos keladi. Ammo, qonuchilikda belgila­nishicha, talonchilik hayot va sog‘liq uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik bilan yoki shunday zo‘rlikni ishlatish bilan qo‘rqitish yordamida amalga oshirilishi mumkin bo‘lib, alohida jinoiy-huquqiy muhofaza hollarda fakultativ ob’ekt jabrlanuvchining sog‘lig‘i va daxlsizligi ham bo‘lishi mumkin. Ob’ektiv tomondan talonchilik o‘zganing mulkini oshkora ta­lon-toroj qilishda ifodalanadi. Mulkiy boylikning oshkora, ochiq-oydin, atrofdagilarga nisbatan surbetlarcha qo‘lga kiri­tishning bu usuli talonchilikning farqlovchi belgisidir. U qilmishga, shuningdek, uning sub’ektiga aksilijtimoiy tavsif beradi. G‘ayriijtimoiylik shundan iboratki, bunda aybdor jamiyatda mulkchilikka nisbatan shakllangan qarashlarni qo‘rslik bilan buzadi va mensimasligini ko‘rsatadi, o‘z harakatlarida jismoniy va ruhiy zo‘rlikni ishlatadi, atrofdagilarning ko‘z o‘ngida jinoyat qonunining imperativ talablarini oshkora mensimaydi. Bu esa sodir etilayotgan noqonuniy qilmish xavfliligini keskin oshiradi.

Aybdor, jabrlanuvchi va boshqalarning ko‘zi oldida o‘zganing mulkini egallab olayotganligini va ular uning haraka­tining ji­noiy xususiyatini tushunganligini anglaganda, osh­kora ravishda o‘zganing mulkini egallab olishning huquqqa xi­lof usuli deb to­pilishi lozim. Oshkora talon-toroj qilish jabrlanuvchi, mulki ixtiyorida yoxud muhofazasida bo‘lgan shaxs­larning yoki o‘zgalarning ko‘zi oldida talonchilik sodir etayotgan shaxs o‘z harakatla­rini ular tushunayotganligini anglaydi, lekin bu vaziyatga e’tibor bermaydi.

Qilmishni oshkora talonchilik deb kvalifikatsiya qi­lish uchun ikkita o‘zaro bog‘liq bo‘lgan mezonni: ob’ektiv va sub’ektiv mezonni inobatga olish zarur.

Ob’ektiv mezon shundan iboratki, bunda o‘zganing mulkini talon-toroj qilish mulkdor yoki jinoyatning boshqa guvohlari­ning ko‘z o‘ngida sodir etilayotganligini va ular uni olish ja­rayonini aynan jinoyat sifatida anglashlaridan iborat. Sub’ektiv mezon nafaqat mulkdor va jinoyatning boshqa gu­vohlari qilmishni jinoyat sifatida anglayotganliklaridan, balki aybdor ham o‘zining harakatlari boshqalar tomonidan ay­nan jinoyat sifatida tushunilayotganligini anglashidan iborat, lekin aybdor ushbu shaxslarning vaziyatga munosabatini  ino­batga olmaydi. Ushbu ikki mezonning mavjud bo‘lishi sub’ekt­ning harakatlarida o‘g‘irlik emas, balki aynan talonchilikning belgilari borligi haqida xulosa chiqarishga imkon beradi.

Al­batta, jinoyat voqealarining ushbu ob’ektiv va sub’ektiv holat­lari jinoyat-protsessual qonunchiligiga muvofiq tergovda va sudda is­botlanishi lozim. Sub’ektiv tomondan talonchilik to‘g‘ri qasd va g‘arazli mo­tivlar bilan sodir etiladi. Aybdor o‘z harakatlarining uchinchi shaxslar tomonidan kuzatilayotganligini anglaydi, lekin shunga qaramay u jinoyat sodir etadi. Bunda o‘zganing mulkini talon-to­roj qilish, albatta, foyda olish maqsadida sodir etiladi. 14 yoshga to‘lgan har qanday aqli raso shaxs jinoyat sub’ekti bo‘ladi. Talonchilik vaqtida qo‘llaniladigan zo‘rlik (tahdid) jis­moniy yoki ruhiy bo‘lishi mumkin.

Talonchilikdagi jismoniy zo‘rlik alohida zarba, 6 kundan ko‘p muddat davom etmaydigan lat yeyish, tirnalish, shilinish, uncha katta bo‘lmagan g‘urra tarzida, shuningdek, qo‘lni qayirish, sambo, karate va boshqa yakkakurashlarning og‘riqli usullarini qo‘llash bo‘lishi mumkin. Ruhiy zo‘rlik deb, jabrlanuvchining hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlikni ishlatish bilan qo‘rqitishga ay­tiladi. Talonchilikdagi zo‘rlik (jismoniy yoki ruhiy) mulk ixtiyo­rida, tasarrufida yoki qo‘riqlovida bo‘lgan shaxsga nisbatan, shuningdek, o‘zganing mulkiga ochiqdan-ochiq egalik qilishga qar­shilik qiluvchi shaxslarga nisbatan ham qarshi yo‘naltirilgan bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi   - talonchilik, ya’ni o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish, uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Talonchilik: a) hayot va sog‘liq uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatib yoxud shunday zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib; b) ancha miqdorda; v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, -uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Talonchilik: a) takroran yoki xavfli residivist tomonidan; b) uy-joyga, omborxona yoki boshqa xonaga g‘ayriqonuniy ravishda kirib; v) ko‘p miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, - besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Talonchilik: a) juda ko‘p miqdorda; b) o‘ta xavfli residivist tomonidan;

  1. v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, - o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Paxtakor tuman sudi raisi                                                                   U.Sattarov

 

 

 

скачать dle 12.0
Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар